Maktabdagi otishma: Filippinda 3 kishi halok bo‘ldi
Mamlakatda so‘nggi to‘rt oy ichida maktablarda uchinchi otishma sodir bo‘ldi.

Filippinning janubidagi Janubiy Kotabato provinsiyasi Banga shahrida joylashgan maktabda otishma sodir bo‘lgani qayd etildi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lib, o‘nga yaqin o‘quvchi jarohatlangan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, otishmani 16 yoshli o‘quvchi sodir etgan. Banga shahri meri Albert Palensianing so‘zlariga ko‘ra, u tushlik vaqtida do‘stlariga uylariga ketishni aytgan va qandaydir rejasini amalga oshirmoqchi ekanini bildirgan. Biroq uning gaplari hazil sifatida qabul qilingan.
Shundan so‘ng o‘quvchi maktabdagi tengdoshlariga qarata o‘q uzgan. Merning bildirishicha, hujumchi keyinchalik o‘z joniga qasd qilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, barcha jabrlanganlar voyaga yetmaganlar. Jarohatlanganlarning ayrimlari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.
Reuters maʼlumotiga ko‘ra, bu Filippinda so‘nggi to‘rt oy ichida maktabda sodir bo‘lgan uchinchi otishma hisoblanadi. Iyun oyida Takloban shahridagi maktabda yuz bergan otishmada kamida uch o‘quvchi halok bo‘lib, 20 ga yaqin kishi jarohatlangan.
O‘tgan oy esa Zamboanga shahrida o‘quvchi sinfdoshini otib o‘ldirgan va keyinchalik o‘z joniga qasd qilgan.








