O‘quvchini urib, sudragan: Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
O‘qituvchiga hayfsan berilib, mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Toshkentning Yunusobod tumanidagi maktabda o‘quvchilarni kaltaklagan o‘qituvchiga nisbatan chora ko‘rilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, voqea 15 sentyabr kuni soat 08:40 atrofida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni o‘qituvchi ikki nafar o‘quvchiga qo‘l ko‘targan. Ulardan birini sinfda sudrab, bir necha bor urgani va unga tan jarohati yetkazgani aytilmoqda.
O‘quvchilardan birining ota-onasi holat yuzasidan 102 ga murojaat qilgan. Voqea maktabdagi kuzatuv kameralariga ham yozib olingan.
Xabarga ko‘ra, o‘quvchi o‘qituvchini haqorat qilgani ortidan unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan. Maktab maʼmuriyati esa holatni o‘rgangan.
Voqea vaqtida sinfda boshqa bir o‘qituvchi ham bo‘lgan. U hamkasbining o‘quvchini kaltaklayotganini ko‘rgan bo‘lsa-da, vaziyatga aralashmagan va sinfni tark etgan. Maktab direktori mazkur xatti-harakatni noto‘g‘ri deb baholagan.
Yunusobod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Gulandom Jumaniyozovaning maʼlum qilishicha, holat yuzasidan tushuntirish xatlari olingan va o‘qituvchiga hayfsan berilgan.
Shuningdek, ichki ishlar xodimlari tomonidan ham o‘rganish olib borilmoqda. O‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Holatga masʼuliyatsiz yondashgan biologiya fani o‘qituvchisidan ham tushuntirish xati olinib, unga intizomiy ogohlantirish berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida ham maktabdagi mojaro ortidan o‘quvchi qizni sinfdoshining onasi dars vaqtida chaqirtirib, unga jismoniy kuch ishlatgani xabar qilingan edi.








