Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmatchilarini Jahon shaxmat olimpiadasidagi g‘alaba bilan tabrikladi
Davlat rahbari shaxmatchilarning Hindiston, Xitoy va AQSh terma jamoalariga qarshi g‘alabalarini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 46-Jahon shaxmat olimpiadasida tarixiy g‘alabaga erishgan mamlakat terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.
Prezident o‘z tabrigida O‘zbekiston terma jamoasi 200 dan ziyod mamlakat va 2 mingga yaqin grossmeyster ishtirok etgan musobaqada ikkinchi bor Olimpiada chempioni bo‘lganini ta’kidladi.
Terma jamoa amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston, Xitoy va AQSh jamoalariga qarshi bahslarda g‘alaba qozongan.
Nodirbek Abdusattorov barcha o‘yinlarda mag‘lubiyatsiz qatnashib, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritgan. Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi bahslarda jamoa uchun muhim g‘alabalarni ta’minlagan.
Shuningdek, Prezident Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning terma jamoa g‘alabasiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etgan.
Ayollar terma jamoasi ham 11 turda 7 ta g‘alabaga erishib, 13-o‘rinni egallagan. Parashaxmatchilar esa Samarqanddagi musobaqada tarixda ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritgan. Selbi kumush, Abdulaziz bronza medaliga sazovor bo‘lgan, Ahadxon esa musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunlagan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 2026-yilda FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb topilgani, Rustam Qosimjonov FIDE faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini ham qayd etgan.
Prezident tabrigida noyabr oyida jahon chempionligi uchun tarixiy bellashuv bo‘lib o‘tishi va unda O‘zbekiston shaxmat vakili Javohir Sindorov ishtirok etishiga ham to‘xtalgan.
“Shu yil noyabr oyida bizni yana bir katta shaxmat bayrami kutib turibdi. Jahon toji uchun bo‘ladigan tarixiy bellashuvda shaxmatimiz faxri Javohir Sindorovdan barchamiz ulkan zafarlarni kutib qolamiz”, — deyiladi tabrikda.
Shuningdek, davlat rahbari shaxmatchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari, terma jamoa a’zolari hamda musobaqani tashkil etishda ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirgan.








