Bog‘chada bola o‘limi: Ohangarondagi holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atildi
Bir nafar shaxs gumon qilinuvchi sifatida jalb etilgan.

Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Bosh prokratura rasmiy bayonot berdi.
Aniqlanishicha, 2026-yil 28-avgust kuni 2023-yil 16-iyulda tug‘ilgan bola maktabgacha ta’lim tashkilotining oshxonasida turgan hasharotlarga qarshi dori vositasini iste’mol qilishi oqibatida zaharlangan.
Unga Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, bola 30-avgust kuni vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi — kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgan.
Hozirda tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona olib borilmoqda. Aniqlangan har bir holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.
Tergov natijalari haqida qonunchilikda belgilangan tartibda ma’lumot beriladi.








