"Men boshqalarning o‘lishiga yo‘l qo‘ya olmasdim”: Flydubai kapitani voqea tafsilotlarini aytdi
Flydubai reysida ikkinchi uchuvchi tomonidan hujumga uchragan Smit Machchhar Hindiston Bosh vaziri bilan suhbatlashdi.

Hindiston fuqarosi bo‘lgan Flydubai kapitani Smit Machchhar samolyotni olib qochishga urinish vaqtida og‘ir jarohatlanganidan so‘ng, hodisa haqida ilk bor so‘zlab berdi. U ikkinchi uchuvchining hujumiga qaramay qarshilik ko‘rsatishda davom etganini, chunki samolyot bortidagi barcha yo‘lovchilar halok bo‘lishi mumkinligini anglaganini aytdi.
Hodisa 30-sentyabr kuni Tel-Avivga yo‘l olgan FZ 1073 reysi vaqtida yuz bergan. Ikkinchi uchuvchi kabinada Machchharga hujum qilgan. Natijada samolyot boshqaruvini yo‘qota boshlagan.
Shu paytda bir necha yo‘lovchi kabinaga bostirib kirib, hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Bortdagi boshqa uchuvchilar samolyot boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Shundan so‘ng havo kemasi Saudiya Arabistoniga favqulodda qo‘ngan.
“Men hayotim uchun kurashayotgan edim”
Machchhar Hindiston bosh vaziri Narendra Modiga videomuloqot chog‘ida voqeani so‘zlab berdi.
“O‘sha paytda men hayotim uchun kurashayotgan edim. Jarohatlarim shu qadar og‘ir ediki, yiqilib tushdim. ‘Agar o‘rnimdan turolmasam-chi?’ deb o‘yladim”, — dedi u.
Uning aytishicha, 17 yildan beri uchuvchi bo‘lib ishlaydi va shundan 11 yil davomida havo kemasi komandiri bo‘lgan.
“Ko‘zlarim yumilgan bo‘lsa ham, samolyotim bilan nima sodir bo‘layotganini bilaman”, — dedi uchuvchi.
Shu sababli u kabina polida yotganida samolyot pastlayotganini anglagan.
“Polga yotganimda samolyot pastlayotganini his qildim. Bu qanday yakunlanishini aniq tushunardim. Eshik juda yaqin edi. Meni urishda davom etishayotganiga qaramay, uni ochdim. Shunda qolganlar ichkariga kirishdi. Bu voqeada ularning roli ham meniki kabi muhim bo‘ldi”, — dedi Machchhar.
U o‘z harakatlari bilan nafaqat hayotini saqlab qolishga, balki bortdagi boshqa odamlarning ham halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilganini ta’kidladi.
“Ha, men buni o‘z hayotimni saqlab qolish uchun qildim. Ammo ayni paytda bu odamlarning barchasi halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmasligimni ham tushunardim. Shundan keyin bu yerdagi odamlar menga shunday yordam va tibbiy ko‘mak ko‘rsatishdiki, bundan yaxshirog‘ini tasavvur qilish qiyin”, — dedi u.
Machchhar ko‘p qon yo‘qotgan va og‘ir jarohatlar olgan. Dastlab unga Saudiya Arabistonida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, keyin esa Abu-Dabidagi shifoxonaga olib ketilgan. U hozir ham shu yerda davolanmoqda.
Ikkinchi uchuvchi terrorizm ishi bo‘yicha tergov qilinmoqda
Hujumda gumon qilinayotgan ikkinchi uchuvchi ham Saudiya Arabistonidan Birlashgan Arab Amirliklariga olib kelingan. Unga nisbatan terrorizm ishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
BAA prezidentining diplomatik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anvar Gargash hodisani “xavfli terrorchilik harakati” deb atagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, gumonlanuvchi Ummon fuqarosi. Ummon va Isroil o‘rtasida rasmiy diplomatik munosabatlar mavjud emas. Shu bois uning Isroilga parvoz qilish uchun qanday qilib ruxsat olgani hozircha noma’lum.
Hokimiyat ikkinchi uchuvchining shaxsini hozircha oshkor qilmagan. Uning hujumga nima sabab bo‘lgani va qanday quroldan foydalangani ham rasman aniqlanmagan. Netanyaxu hujumchi pichoq yoki bolta ishlatgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham gumonlanuvchi Eron bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, biroq bu da’vosini tasdiqlovchi dalillarni keltirmagan.







