“Dok-1 Maks” ishi: jabrlanuvchilarga 16,7 mlrd so‘m tovon puli to‘landi
Hozirda qolgan 61,3 mlrd so‘m zararni undirish yuzasidan majburiy ijro harakatlari davom etmoqda.

“Dok-1 Maks” dori vositasidan jabrlanganlarga kompensatsiya mablag‘lari to‘lanmayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan Majburiy ijro byurosi izoh berdi.
MIB maʼlumotiga ko‘ra, sudlarning ijro hujjatlari asosida qarzdor S. Kariyev va boshqalardan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd so‘m zarar undirish bo‘yicha ijro ishlari mavjud.
Ijro harakatlari doirasida S. Kariyevga tegishli Chilonzor tumanidagi 1-Qatortol mahallasi, Qatortol 3-tor ko‘chasida joylashgan turar joy binolari hamda Beshyog‘och mahallasi, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi xatlanib, onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi auksionda sotilgan va undan 793 mln so‘m mablag‘ kelib tushgan. Qiymati 7,1 mlrd so‘mga baholangan Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turar joy binolari bo‘yicha auksion savdolari esa davom etmoqda.
Auksion savdolaridan tushgan mablag‘lar hamda S. Kariyevning oila aʼzolari tomonidan to‘langan pullar hisobidan undiruvchilarga jami 16,7 mlrd so‘m teng taqsimlab berilgan.
Hozirda S. Kariyev va boshqalardan qolgan 61,3 mlrd so‘m zararni undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, “Dok-1 Maks” dori vositasini isteʼmol qilish O‘zbekistonda 68 nafar bolaning vafot etishi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan.








