Nepalda yana suv toshqini: o‘nlab uy va ko‘priklar vayron bo‘ldi
Qutqaruv ishlari davom etmoqda, bedarak yo‘qolganlar soni aniqlashtirilmoqda.

Nepalning Gorxa tumanida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida o‘nlab uylar va bir nechta ko‘prik vayron bo‘ldi. Kamida to‘rt-besh kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan, qutqaruv ishlari davom etmoqda.
11-oktyabr, yakshanba kuni erta tongda Chumnubri munitsipalitetida boshlangan suv toshqini Manaslu sayyohlik hududi va Tsum vodiysiga olib boruvchi yo‘llarga ham zarar yetkazgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Salleri, Bagare va G‘attixola aholi punktlarida 35 dan ortiq uy suv oqimi bilan vayron bo‘lgan. Ayrim manbalarda vayron bo‘lgan uylar soni 35–40 ta deb ko‘rsatilgan. Shuningdek, Nyakchet va Sirdibas o‘rtasidagi osma ko‘prik, Machxixola va Keraudjani bog‘lovchi ko‘prik hamda Soti hududidagi temir-beton ko‘prik suv oqimi bilan vayron bo‘lgan.
Tabiiy ofatning ehtimoliy sababi ko‘chki bo‘lishi mumkin. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, ko‘chki Budhi-Gandaki daryosining irmog‘i Syar-Xolani to‘sib qo‘ygan. Hosil bo‘lgan tabiiy to‘g‘on yorilgach, suv, loy va toshlar katta tezlikda pastga oqib tushgan. Mahalliy aholi daryoda bunday kuchli suv toshqinini avval ko‘rmaganini aytgan.
Hodisa oqibatida quvvati 341 megavatt bo‘lgan Budhi-Gandaki gidroelektr stansiyasi loyihasining qurilish lageri ham zarar ko‘rgan. Boshqa bir qurilish maydonida ishlayotgan 18 nafar ishchi esa o‘z vaqtida ogohlantirilgani sababli balandroq joyga chiqib, omon qolgan.
Bedarak yo‘qolganlar haqidagi ma’lumotlar turlicha. Nepalning RSS davlat axborot agentligiga tayangan OnlineKhabar nashri to‘rt kishi bilan aloqa yo‘qolganini xabar qilgan. Keyinroq Kantipur nashri besh kishi bedarak yo‘qolgani haqida yozgan. Suv toshqini, shuningdek, chorva uchun mo‘ljallangan to‘rtta boshpanani va 15 ta yakni oqizib ketgan.
Kamida olti kishi Jagat hududidan vertolyot yordamida qutqarilgan. Nepal armiyasi, politsiya va Qurolli politsiya kuchlari qutqaruv ishlariga jalb etilgan.
Suv toshqini Manaslu trekking yo‘nalishiga ham zarar yetkazgan. Yaru-Bagardan Jagatgacha bo‘lgan yo‘lning bir qismi yuvilib ketgan, Lokpadan yuqorida esa Tsum vodiysiga olib boruvchi yo‘l to‘silib qolgan. Bu hudud kuzgi sayyohlik mavsumida xorijlik sayyohlar orasida mashhur.
Nepal rasmiylari Budhi-Gandaki daryosi bo‘yida yashovchilarni xavfsiz joylarga ko‘chishga chaqirgan. Ogohlantirishlar daryoning quyi oqimidagi hududlarga, jumladan, Tanahun, Chitvan va Navolparasi tumanlariga ham tarqatilgan.
Tabiiy ofat oqibatlari va bedarak yo‘qolganlar soni haqidagi ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Nepal va Tibet chegarasida ham yirik suv toshqinlari yuz bergandi. 2026-yil 26-avgust kuni boshlangan kuchli suv toshqinida Nepalda kamida 1455 kishi halok bo‘lgan, yana 5285 kishi bedarak yo‘qolgan.








