Odilxon Ismoilov ishi: u uch yillik sinov muddati bilan ozod qilindi
“Rayhon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi Odilxon Ismoilov ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.

Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi Odilxon Ismoilovga nisbatan tayinlangan jazoni shartli deb hisoblash haqida qaror chiqardi. U sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2026-yil 13-iyuldagi hukmi bilan 1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, “Rayhon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi Odilxon Ismoilov ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.
Ushbu jinoyat ishi Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi.
Sud ish doirasida yetkazilgan zararning bir qismi depozit hisob raqamiga naqd pul shaklida topshirilganini, Ismoilovga tegishli ayrim mulklar bank balansiga o‘tkazilishi belgilanganini hamda xatlangan mulklarni sotishdan tushgan mablag‘lar zararni qoplashga yo‘naltirilganini inobatga oldi.
Shuningdek, zararni qoplash uchun uning o‘zi va yaqin qarindoshlariga tegishli mulklardan foydalanilgani qayd etildi.
Apellyatsiya sudi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha tayinlangan jazoni o‘zgarishsiz qoldirdi. Biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan, jazoni uch yillik sinov muddati bilan shartli deb hisoblash belgilandi.
Shu tariqa, Odilxon Ismoilov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.








