Piskent tumani hokimiga hayfsan: bunga fermerlar bilan bog‘liq mojaro sabab bo‘ldi
Hokimning fermerlarni haqorat qilgani va kartoshka ekilmasa, yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aytilgandi.

Toshkent viloyati Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Bunga davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari va kasb etikasiga rioya qilinmagani asos bo‘lgan. Bu viloyat hokimi Zoir Mirzayevning 13-oktyabrdagi farmoyishida belgilandi.
Farmoyishga ko‘ra, intizomiy jazo Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi 595-son qarori talablariga rioya qilinmagani sababli qo‘llangan.
Hujjatni qabul qilishga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 10-oktyabrdagi taqdimnomasi, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasining bayoni va Muzaffar Aripovning tushuntirish xati asos bo‘lgan. Farmoyish ijrosini nazorat qilish viloyat hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbariga yuklatilgan.
Avvalroq O‘zbekiston fermerlari kengashi Piskent tumani hokimining fermerlarga bosim o‘tkazgani haqidagi xabarlar yuzasidan prokuratura organlariga murojaat qilgan edi. Kengash 9-oktyabr kuni yuborgan murojaatida hokimning xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni so‘ragan.
Bunga hokimning fermerlar bilan yig‘ilishidagi audioyozuv sabab bo‘lgan. Unda Muzaffar Aripov fermerlarni haqorat qilgani va kartoshka ekilmasa, yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aytilgan.
Piskent tumani hokimligi esa yig‘ilish g‘alladan bo‘shagan qariyb ming gektar maydonda takroriy ekin sifatida kechki kartoshka yetishtirish rejasi bajarilmagani sababli o‘tkazilganini bildirgan.








