Zelenskiy Rossiyaning energetika obyektlariga zarbalarni 100 kunga to‘xtatishga rozi bo‘ldi — WSJ
AQSh senatorlari Ukraina prezidentiga Starlink qamrovini Rossiya hududiga 300 kilometrga kengaytirish evaziga Rossiyaning energetika obyektlariga zarbalarni to‘xtatishni taklif qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning energetika obyektlariga hujumlarni to‘xtatish evaziga Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti qamrovini Rossiya hududiga kengaytirish taklifiga rozi bo‘lishga tayyorligini bildirgan. Bu haqda The Wall Street Journal’ga tayanib, Point.md yozdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevga tashrif buyurgan AQSh senatorlari Rojer Uiker va Kevin Kramer Zelenskiyga Rossiyaning energetika obyektlariga zarbalarni vaqtincha to‘xtatishni taklif qilgan. Buning evaziga Starlink qamrovini Rossiya hududining ichkarisiga taxminan 300 kilometrga kengaytirish ko‘zda tutilgan.
WSJ yozishicha, Zelenskiy zarbalarni 100 kunga to‘xtatishga rozi bo‘lishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq Ukraina prezidenti Financial Times nashriga bergan intervyusida AQSh prezidenti Donald Trampga Starlink qamrovini Rossiya hududida kengaytirishni taklif qilganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu Ukraina kuchlariga Rossiyaning ballistik raketalarni uchirish qurilmalarini yo‘q qilish imkonini berishi mumkin.
«Agar siz biz uchun Starlink’ni o‘chirib qo‘ymasangiz va uni Rossiya hududida ishlatish imkoniyatini ochib bersangiz, biz ularning ballistik raketalarni uchirish qurilmalarini yo‘q qilamiz. Shunda Putin uchun hammasi tugaydi. U muzokaralar stoliga o‘tiradi, men esa energetika obyektlariga zarba bermayman. Menga buning keragi yo‘q», — degan Zelenskiy.







