O'zbekiston

Toshkentda issiq suv sifati: me’yoriy ko‘rsatkichlar tiklandi

Suv namunalari laboratoriyalarda tekshirilib, belgilangan me’yorlarga mosligi aniqlangan.

Toshkentda issiq suv sifati: me’yoriy ko‘rsatkichlar tiklandi

Toshkent issiqlik elektr markazi hududida issiq suv sifati bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi. Aksariyat iste’molchilarda suv ko‘rsatkichlari me’yorga kelgan. Bu haqda Veolia Energy Tashkent ma’lum qildi.

 

Kompaniya xabariga ko‘ra, suv namunalari ichki laboratoriyadan tashqari «Toshkent shahar suv ta’minoti»ning kimyo-bakteriologik laboratoriyasida ham tekshirilgan. Tahlil bayonnomalarida o‘rganilgan ko‘rsatkichlar belgilangan me’yorlarga mos ekani va suvdan foydalanish mumkinligi qayd etilgan.

 

Qayd etilishicha, isitish mavsumiga tayyorgarlik doirasida shahar issiqlik tizimidagi korxonalar infratuzilmani yangilash va modernizatsiya qilish ishlarini olib bormoqda.

 

Issiq suv sifati bo‘yicha muammolar saqlanib qolgan iste’molchilar 1347 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi yoki Telegram-bot orqali murojaat qoldirishi mumkin. Shundan so‘ng mutaxassislar vaziyatni joyiga chiqib o‘rganadi.

 

Avvalroq Toshkentning Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Yunusobod tumanlari aholisi issiq suvdan begona kimyoviy hid kelayotganidan shikoyat qilgani haqida xabar berilgandi.