O'zbekiston

Samarqandda xalqaro tadbirlar: ayrim yo‘llarda harakat cheklanadi

18–22-oktyabr kunlari xalqaro tadbirlar sabab shaharga kirish yo‘llari va 16 ta markaziy ko‘chada transport harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi.

Samarqandda xalqaro tadbirlar: ayrim yo‘llarda harakat cheklanadi

Samarqand shahrida xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan 18–22-oktyabr kunlari shaharga kirish yo‘llari va ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 19–20-oktyabr kunlari Samarqandda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi uchrashuvi, 21–22-oktyabr kunlari esa bolalar farovonligi va kelajagiga bag‘ishlangan global sammit bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar doirasida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan mehmonlar kelishi kutilmoqda.

 

Harakat vaqtincha cheklanadigan ko‘chalar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:

 

  • Ibn Sino;
  • Bo‘stonsaroy;
  • Universitet xiyoboni;
  • Registon;
  • Afrosiyob;
  • Namozgoh;
  • Sadriddin Ayniy;
  • Shohbot;
  • Usta Umar Jo‘raqulov;
  • Shohizinda;
  • Mirzo Ulug‘bek;
  • Beruniy;
  • Dog‘bit;
  • Rudakiy;
  • Gulobod;
  • Oydin yo‘li.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar davrida aylanma va muqobil yo‘nalishlar tashkil etiladi. Favqulodda xizmatlar transportiga cheklovlar tatbiq etilmaydi. Viloyat hududi orqali tranzit 

 

harakatlanadigan transport vositalari ham muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.

 

Fuqarolardan vaqtinchalik noqulayliklarni tushunish bilan qabul qilish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlayotgan mas’ul xodimlar ko‘rsatmalariga rioya etish so‘ralgan.

 

Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 19-oktyabr kuni Samarqandda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonning yuqori lavozimli rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. U, shuningdek, 200 dan ortiq biznes vakillaridan iborat AQSH savdo delegatsiyasiga boshchilik qiladi.