O'zbekiston

Eron elchisi TIVga chaqirtirildi: O‘zbekiston norozilik notasini topshirdi

Eronning xorijdagi elchixonalari Samarqandning tarixiy-madaniy merosini fors sivilizatsiyasiga bog‘lovchi postlar e’lon qilgandi.

Eron elchisi TIVga chaqirtirildi: O‘zbekiston norozilik notasini topshirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning ayrim xorijiy davlatlardagi elchixonalari Samarqandning tarixiy-madaniy merosini biryoqlama va siyosiy maqsadlarda talqin qiluvchi materiallarni e’lon qilgani yuzasidan Eron tomoniga norozilik bildirdi.

 

TIV ma’lumotiga ko‘ra, 23-oktyabr kuni Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy vazirlikka chaqirtirilib, unga O‘zbekistonning qat’iy e’tirozini ifodalovchi norozilik notasi topshirilgan.

 

Uchrashuvda Samarqand, Buxoro, Xiva va mamlakatning boshqa tarixiy shaharlari merosi O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixiy-madaniy taraqqiyotining ajralmas qismi ekani ta’kidlangan. Samarqandning tarixiy qiyofasi o‘zbek xalqining tarixi, davlatchilik an’analari va madaniy taraqqiyotini aks ettirishi qayd etilgan.

 

O‘zbekiston tomoni Eron diplomatik vakolatxonalarining ijtimoiy tarmoqlardagi tegishli postlarini olib tashlash va kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni talab qilgan.

 

Vazirlik diplomatik vakolatxonalarning rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadigan materiallar o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga muvofiq bo‘lishi, tarixiy-madaniy masalalarni siyosiylashtirmasligi lozimligini bildirgan.

 

TIV O‘zbekiston Eron bilan o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni qadrlashini, shu bilan birga, mamlakat tarixiy-madaniy merosining biryoqlama talqin qilinishiga nisbatan prinsipial pozitsiyasini saqlab qolishini qayd etgan.

 

Eronning Armanistondagi elchixonasi Marko Rubioning Samarqanddagi Registon maydonida olingan videosini e’lon qilib, u turgan joy fors sivilizatsiyasi va me’morchiligining bir qismi ekanini bildirgan. Zimbabvedagi elchixona Registon maydonidagi ravoqlarni Eron-islom sivilizatsiyasiga xos me’moriy belgi sifatida taqdim etgan. 

 

Bolgariyadagi elchixona esa AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandda fors merosi fonida suratga tushganini ta’kidlab “X” ijtimoiy tarmog‘ida post joylagan.