Tesla kengashi yangi rahbar izlayotgani haqidagi da’volar asossiz
Musk: “Tesla rahbari o‘zgaradi degan gaplar mutlaqo yolg‘on”.

Tesla kompaniyasi rahbari Elon Musk The Wall Street Journal gazetasining kompaniya yangi bosh direktor qidirayotgani haqidagi xabarini qat’iyan rad etdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bayonot berdi.
"WSJ tomonidan chop etilgan bu yolg‘on maqola axloqiy mezonlarga mutlaqo zid. Unda Tesla direktorlar kengashining bunday da’volarni inkor etgani haqida hech qanday izoh keltirilmagan", — deb yozdi Musk.
Gazeta o‘z xabarida, kompaniya aktsiyalarining tushib ketgani va ba’zi investorlarning noroziligini inobatga olgan holda, kengash yangi rahbar izlashni boshlagani haqida ma’lumot bergan edi. Unga ko‘ra, Muskning AQSh hukumati samaradorlik departamenti (DOGE) kuratori sifatidagi faoliyati Tesla bilan bog‘liq majburiyatlaridan chalg‘itayotgan bo‘lishi mumkin.
Ammo Musk bu da’volarni asossiz deb hisoblab, barcha taxminlarni rad etdi.







