2025-yil 1-avgustdan boshlab, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmagan abonentlar uchun elektr energiyasi to‘lovini amalga oshirish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Bu yangi tartib 2025-yil 7-martdagi 1044-sonli Qonunga muvofiq joriy etilmoqda.
Yangi mexanizm quyidagicha ishlaydi:
Har oyning 3-sanasiga qadar, chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Toza makon” billing tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ billing tizimiga uzatiladi.
Keyin, har oyning 5-sanasigacha, ushbu abonentlarga “2100” qisqa raqamidan SMS-xabarnoma yuboriladi.
Ogohlantirish yuborilgach, qarzdorlikni to‘lash uchun 5 kunlik muddat beriladi.
Agar qarzdorlik ushbu muddat ichida bartaraf etilmasa, elektr energiyasi to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi.
Qarzdorlik bartaraf etilgach, cheklov avtomatik tarzda yechiladi.
Ushbu tartib 2025-yil 1-iyuldan boshlab yuzaga kelgan qarzdorliklarga nisbatan qo‘llaniladi. Ya’ni, 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorliklar ushbu cheklovga tatbiq etilmaydi.
Sanitar tozalash korxonalari xizmatlarning hisob-kitobi, aniqligi va sifati uchun javobgardir. Agar xizmat sifatsiz yoki vaqtida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, abonent foydasiga qayta hisob-kitob qilinadi.


