
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi va Xalqaro baxshichilik festivaliga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, forum doirasida bir qator tadbirlarning ham o‘tkazilishi belgilangan, xususan, Xiva shahrida TURKSOY tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Festivalda ishtirok etish uchun bugungi kunga qadar YUNESKO va Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (AYSESKO) kabi xalqaro tashkilotlardan ijrochilar, konferensiya ishtirokchilari, hakamlar hayʼati aʼzolari, Xalqaro tashkilotlardan faxriy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi, Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro xalqaro maslahat qo‘mitasi kengashining yig‘ilishi, Nukus shahrida “Arxeologiya va turizm; salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” xalqaro arxeologiya konferensiyasi hamda II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini o‘tkazish belgilangan.
Festival doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiyani epidemiologik vaziyatni inobatga olgan onlayn va offlayn (gibrid) shaklda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Madaniy meros haftaligi doirasida o‘zbek sanʼatining jahon va mahalliy to‘plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag‘ishlangan «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plarida» turkumidagi 50 ta noyob kitob-albom taqdimoti tashkil etiladi.
Avvalroq AQSH va Kanada shaxsiy to‘plamlarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari haqida jild nashr etilgani, O‘zbekistonda ilk bor kitobxonlar uchun yangi nashr uch tilda taqdim etilgani, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati keramika, metallga badiiy ishlov berish, badiiy to‘qimachilik va tasviriy sanʼatga bag‘ishlangan albomlarni birlashtirgan "O‘zbekiston sanʼatining durdona asarlari" nomli to‘plamini taqdim etgani hamda Gretsiyada joylashgan "Sarsetakisning O‘zbekiston galereyasi"ga bag‘ishlangan kitob-albom nashr etish bo‘yicha muzokaralar olib borilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


