Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilib, samaradorlikni oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Xususan, paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun yo‘naltirildi, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etildi, qiymati 1 milliard dollardan ortiq 1 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida yashirin iqtisodiyot ulushi yuqoriligicha qolmoqda, yetishtirilgan mahsulotlarning bir qismi hisobga olinmayapti. Ayni paytda oziq-ovqat mahsulotlari savdosida 12 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i amal qilmoqda. Ushbu masala avvalroq davlat rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ko‘tarilgan edi.
Mazkur yo‘nalishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, xorijiy va mahalliy ekspertlar bilan hamkorlikda takliflar ishlab chiqildi. Unga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalarining dehqon va fermerlarga o‘zlari yetishtirgan (g‘alla va paxtadan tashqari) mahsulotlarni sotishi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi (nol stavka). Shu bilan birga, urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib olish amaliyoti saqlanib qoladi.
Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard so‘m mablag‘ qolishi, qo‘shimcha 400 milliard so‘mni qaytarib olish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda. Bu esa sohaga yanada shaffoflik olib kirib, sanoatlashtirilgan yirik plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga mustahkam zamin yaratadi.
Mamlakat rahbari mutasaddilarga yangi tizimni keng tushuntirish va samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


