So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim qurilish tashkilotlari o‘z reytingini oshirish maqsadida fuqarolarni ularning roziligisiz ishchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur masalaga Qurilish vazirligi munosabat bildirdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, qurilish-loyiha tashkilotlarining reytingi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi 699-son qaroriga muvofiq shakllantiriladi. Bu jarayon 10 ga yaqin vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanadi va to‘liq avtomatlashtirilgan hisob-kitob orqali amalga oshiriladi.
Xususan, xodimlar soni hamda ularga hisoblangan oylik ish haqi haqidagi ma’lumotlar Qashshoqlikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bazalaridan olinadi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi esa ushbu ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki ularning haqiqiyligini tekshirish vakolatiga ega emas, balki faqat yig‘ib, reyting.mc.uz platformasida ochiq e’lon qiladi.
Ayni paytda Qurilish vazirligi Bandlik vazirligi bilan hamkorlikda fuqarolarning roziligisiz ishchi sifatida hisobga olinishi va bir shaxsning bir vaqtning o‘zida bir nechta tashkilotda mehnat qilishi kabi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.


