
Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Afg‘oniston masalasiga taalluqli asosiy masalalar bo‘yicha O'zbekiston pozitsiyasiga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug‘dirmasligi kerak.
Dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg‘onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsion jarayonlariga yana-da faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘lib qolishi kerakligi taʼkidlandi.
Mojarodan keyingi Afg‘oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko‘rsatilishi davom etishi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida Turkiy Kengashga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Eslatib o'tamiz, Аbdulaziz Komilov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash)ning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan yig'ilishida ishtirok etmoqda.
Avvalroq 14-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natgani hamda Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning xalqaro zahiralarini qaytarib berishga chaqirgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


