
Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 22-noyabr kuni vazir Abdulaziz Komilov “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga tashrif buyuradi.
Qayd etilishicha, ushbu uchrashuvda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, o‘zaro munosabatlar istiqbollari hamda mintaqalararo hamkorlik samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHlik ekspert O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashuvida muhim rol o‘ynashi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, Abdulaziz Komilov Tehrondagi Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan uchrashuvda ishtirok etgani, Saudiya Arabistoni Qirolligining Favqulodda va muxtor elchisini qabul qilgani hamda Germaniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.


