Afgo‘nistonda Energetika va suv xo‘jaligi vazirligining yuqori martabali maslahatchisi Faruq A’zam hibsga olindi. Bu haqda Afghanistan International nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uning hibsga olinishi “Tolibon” rahbari Hibatulloh Oxundzoda topshirig‘i asosida amalga oshirilgan. Ayni paytda A’zam Kobuldagi maxsus nazorat idorasida saqlanayotgani, ishining esa harbiy sudga yuborilgani aytilmoqda.
Faruq A’zam avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, ayollar ta’limi va ularning sog‘liqni saqlash sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan. Xususan, u zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan Kunar viloyatiga hamshira ayollarni yuborish taklifini bildirgan va bu orqali ayollarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini ta’kidlashni maqsad qilgan.
Shuningdek, u mamlakat ichida va tashqarisida faoliyat yuritayotgan ayol shifokor va hamshiralarni zilziladan aziyat chekkan aholiga ko‘mak berishga chorlagan.
Mazkur voqea Afg‘onistonda ayollarning huquqlari va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga nisbatan mavjud vaziyatning naqadar keskinligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.


