Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yirik miqdordagi giyohvand moddalarni kiritish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda DXX Zamon.uz'ga xabar qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi 6 nafar fuqaro (34–41 yoshda) Qirg‘iziston hududidan gashish olib kirishga kelishib, xorijlik sotuvchidan 15 ming AQSh dollariga ikki kilogramm narkotik vosita sotib olishni rejalashtirgan. Giyohvand moddalar chegara orqali yashirin ravishda olib kirilib, Xonobod shahridagi maxfiy joyda saqlangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida omonatni yetkazib berayotgan kurer ushlangan, keyinchalik guruhning qolgan a’zolari ham qo‘lga olingan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan gashishning sof og‘irligi qariyb 1,9 kilogrammni tashkil etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-2-moddasi (kontrabanda), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va unga suiqasd) hamda 273-moddasi (giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy muomala) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchilar qamoqqa olingan bo‘lib, ularga 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.


