Avvalroq 5-sentabr kuni soat 12:00 dan 36 soat davomida “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha to‘xtatilishi haqida xabar berilgan edi. Bu vaqt ichida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari (AGTKSH) va yirik iste’molchilarning gaz ta’minoti ham cheklanadi.
Mazkur cheklovlar Farg‘ona vodiysining tog‘li hududidan o‘tuvchi qariyb 22 km uzunlikdagi qo‘shimcha magistral gaz quvurini tarmoqqa ulash ishlari olib borilayotgani bilan izohlanadi. Ushbu yangi quvurning ishga tushirilishi vodiyning barqaror gaz ta’minotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Energetika vazirligi topshirig‘iga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ hudud aholisining ehtiyojini qoplash maqsadida birja savdolariga qo‘shimcha 2000 tonna avtobenzin chiqaradi. Bu ko‘rsatkich odatdagi kunlik hajmdan 7 baravar ko‘p bo‘lib, aholiga uzluksiz ta’minot kafolatlanadi.
Shuningdek, neft bazalari 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilib, avtobenzinni hududiy AYoQSHlarga muntazam yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, ta’mirlash ishlari davomida aholining tabiiy gaz iste’molida uzilish bo‘lmasligi uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.


