Ijtimoiy tarmoqlarda maktabga ketayotgan o‘quvchilarning pul to‘lamagani sababli avtobusga mindirilmaganligi aks etgan videoxabar keng muhokamalarga sabab bo'ldi. Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Aniqlanishicha, voqea 3-sentabr kuni Paxtachi tumanining Fay mahallasida sodir bo‘lgan. Nurobod tumani Saxoba mahallasidan qatnovchi “Oqtosh-Shaxzod trans” MCHJ avtobus haydovchisi Nazarobod qishlog‘idan maktabga ketayotgan 22 nafar o‘quvchini avtobusga mindirmagan. Ularning 19 nafari 28-maktabga, 3 nafari esa 34-maktabga qatnagan.
Holat yuzasidan avtobus haydovchisiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi. Shu bilan birga, 4-sentabrdan boshlab viloyat hokimligi tashabbusi bilan mazkur mahalladagi barcha o‘quvchilar uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Rasmiylarga ko‘ra, endilikda Fay mahallasidagi maktab bolalari o‘qishga bemalol qatnay oladi.


