AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff yaqinda Moskva shahriga tashrif buyurib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga AQSh takliflarini taqdim etdi. Bu haqda Polshaning Onet nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Vashington tomonidan taqdim etilgan taklif loyihasida Rossiya agar Ukraina bo‘yicha muzokaralarga rozi bo‘lsa, bir qator yengilliklar berilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Qo‘shma Shtatlar Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarini tan olish masalasini 49 yoki 99 yilga kechiktirishga tayyor ekanini bildirgan. Bu mazkur hududlar ustidan Moskva nazoratini ma’lum muddatga de-fakto tan olish sifatida talqin qilinmoqda.
Shuningdek, taklifda AQSh tomonidan Rossiyaga nisbatan urush tufayli joriy etilgan sanksiyalarning asosiy qismini bekor qilish, energetika sohasidagi hamkorlikni tiklash, xususan, Rossiyadan neft va gaz yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘yish kabi choralar ham nazarda tutilgan.
Biroq, Onet nashrining qayd etishicha, bu takliflar faqatgina Ukraina hududida o‘t ochishni to‘xtatishga oid bo‘lib, barqaror tinchlikni kafolatlamaydi. Bundan tashqari, Rossiya uchun muhim bo‘lgan NATO’ni kengaytirmaslik yoki Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish kabi talablar AQSh tomonidan ilgari surilmagan.


