1-oktabrdan boshlab AQSh vizasini olish tartibida muhim o‘zgarish kuchga kiradi. Endilikda viza uchun to‘lov miqdori 185 dollardan 435 dollarga oshadi. Bu yangi tartib “Viza yaxlitligi to‘lovi” (Visa Integrity Fee) deb ataladigan yig‘imning joriy etilishi bilan bog‘liq.
Mazkur yig‘im immigratsion bo‘lmagan vizalar uchun — ya’ni AQShga o‘qish, ishlash yoki sayohat qilish maqsadida vaqtinchalik boradigan chet elliklardan undiriladi. Rasmiy izohlarda qayd etilishicha, to‘lovning asosiy maqsadi — noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, viza tizimini modernizatsiya qilish hamda migratsiya qonunchiligini buzganlarning xarajatlarini qoplashdir.
Minimal 250 dollardan boshlanuvchi qo‘shimcha yig‘im mavjud 185 dollarlik konsullik to‘loviga qo‘shiladi. Mutaxassislar fikricha, kelgusida ushbu to‘lov miqdori oshirilishi ehtimoldan xoli emas.
Qoidaga ko‘ra, viza rejimini buzmagan xorijiy fuqarolar AQSh safaridan qaytgach, ushbu to‘lovni qaytarib olish huquqiga ega. Shu bilan birga, Rossiya fuqarolari uchun qaytarish jarayoni qo‘shimcha moliyaviy xavf tug‘dirishi qayd etilmoqda, chunki mablag‘ rublda qaytariladi va yakuniy summa valyuta kursiga bog‘liq bo‘ladi.


