1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

BBC HISTORY EXTRA: "Butun dunyo uchun mayoq"

BBC History Extra jurnalida chop etilgan maqolada markaz “Meros posbonlari” sifatida taʼriflanib, yangi O‘zbekistonning eng ulug‘vor madaniy tashabbuslaridan biri ekanligi qayd etildi.

BBC HISTORY EXTRA: "Butun dunyo uchun mayoq"

Britaniyaning mashhur tarixiy jurnali – "History Extra"da chop etilgan “Meros posbonlari” maqolasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday taʼriflanadi.

 

Materialda Markaz taʼlim va mamlakat tarixiy merosini asrash sohasida yangi davrni boshlab berishi, bugunning oʻzidayoq Yangi Oʻzbekistonning eng ulugʻvor madaniy loyihalaridan biri sifatida qaralayotgani taʼkidlanadi. Mualliflar poytaxtning alohida oʻrniga eʼtibor qaratgan holda, Toshkentni davrlar muloqoti makoni deb atashadi:

 

“Qadimiy tarix va zamonaviylik chorrahasida Oʻzbekiston poytaxti — Toshkent Yangi Oʻzbekistonning eng ulkan madaniy tashabbuslari qatoriga kirgan loyihani amalga oshirishni yakunladi”.

 

Maqolada milliy madaniy merosni qaytarish boʻyicha amalga oshirilayotgan faoliyatga alohida urgʻu beriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor taʼkidlaganidek, millatning haqiqiy qudrati uning xotirasi va madaniy ildizlarida mujassam boʻladi. Shu bois noyob artefaktlarni Vatanga qaytarish va muzey toʻplamlarini haqiqiy milliy meros bilan boyitish ishlari boshlangani qayd etiladi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey majmuasi emas, balki islom merosining jahon tarixidagi oʻrnini anglash va uni kelajakka integratsiya qilishga bagʻishlangan keng koʻlamli taʼlimiy va madaniy megaloyiha sifatida taqdim etiladi.

 

Shuningdek, Markazni barpo etish gʻoyasi ilk bor 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan boʻlib, u nafaqat mamlakat, balki Markaziy Osiyodan tashqari hududlar uchun ham yangi madaniy va taʼlimiy kodni shakllantirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlangan.

 

Majmua meʼmorchiligiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Maqolada 65 metrli gumbazning ramziy maʼnosi va mamlakat hududlarining birdamligini ifodalovchi toʻrt ulkan portal alohida qayd etiladi. Markaziy makon sifatida muqaddas Qurʼoni karim zali tilga olinadi, unda YuNESKOning “Jahon merosi” reyestriga kiritilgan VII asrga oid Usmon mushafi saqlanadi.

 

Mualliflar Markaz ekspozitsiyasi konsepsiyasini batafsil yoritib, quyidagilarni taʼkidlaydilar:

 

“Arxeologiya, sanʼat va texnologiyalar raqamli proyeksiyalar, yorugʻlik, ovoz va interaktiv yechimlar orqali yagona oqimga uygʻunlashadi”.

 

Loyihaning taʼlimiy koʻlami ham alohida qayd etilgan: 200 ming kitobga moʻljallangan kutubxona, xattotlik maktabi, restavratsiya laboratoriyalari hamda bolalar va yoshlar uchun moʻljallangan “1001 ixtiro» muzey-laboratoriyasi.

 

Markazning xalqaro ahamiyati YuNESKO Bosh direktori Xolid al-Anoniyning quyidagi soʻzlari bilan eʼtirof etiladi:

 

“Men ushbu yorugʻ Markaz butun dunyo uchun mayoqqa aylanishini tilayman. U madaniy xilma-xillik, bagʻrikenglik, ochiqlik va Oʻzbekistonning insoniyat taraqqiyotidagi oʻrnining haqiqiy guvohi — sivilizatsiyalar haqiqiy chorrahasidir!”

 

History Extra jurnali — BBC History Magazine jamoasining  Britaniyaning yetakchi tarixiy jurnali va raqamli platformasi boʻlib, u jahonning yetakchi tarixchilari tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallar va tadqiqotlarni akademik aniqlik hamda keng xalqaro auditoriya uchun tushunarli uslubda taqdim etadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика