1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Britaniya Qirg‘iziston kripto-tarmoqlariga qarshi sanksiyalar e’lon qildi

London bu kompaniyalarni Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berganlikda ayblamoqda.

Britaniya Qirg‘iziston kripto-tarmoqlariga qarshi sanksiyalar e’lon qildi

Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi bosim choralarini kuchaytirar ekan, Moskvaning G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda foydalanayotgan qirg‘iz kriptovalyuta tarmoqlariga nisbatan cheklovlar joriy qildi deydi dw.com nashri.

 

20-avgust kuni e’lon qilingan qarorga ko‘ra, London uch nafar jismoniy va besh nafar yuridik shaxsni qora ro‘yxatga kiritdi. Jumladan, Qirg‘izistonning Grinex va Meer Crypto Exchange platformalarini boshqaruvchi Tengricoin kompaniyasi, shuningdek, rublga bog‘langan A7A5 kriptovalyutasini ishga tushirgan Old Vector kompaniyasi va Lyuksemburgda joylashgan Altair Holding ushbu sanksiyalar doirasiga kiritildi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi to‘rt oy davomida A7A5 orqali Rossiya buyurtmalari uchun 9,3 milliard dollardan ortiq tranzaksiyalar amalga oshirilgan. London bu jarayonni Moskvaning sanksiyalarni aylanib o‘tish mexanizmlaridan biri sifatida baholamoqda.

 

Shuningdek, qora ro‘yxatga Qirg‘izistonning “Markaziy Osiyo kapital banki” hamda uning rahbari Kantemir Chalboyev, shuningdek, savdo kompaniyasi direktori Janishbek Uulu Nazarbek ham kiritildi.

 

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Stiven Dauti: “Agar Kreml shubhali kriptovalyuta tarmoqlari orqali sanksiyalar ta’sirini kamaytirishga urinayotgan bo‘lsa, bu harakatlar natija bermaydi”, — deya ta’kidladi.

 

Mazkur choralar AQSh prezidenti Donald Tramp, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari, jumladan Britaniya bosh vaziri Key Starmer ishtirokida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng qabul qilindi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика