Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha yangi shartlarni ilgari surmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Putin Ukraina NATOga aʼzo bo‘lish rejasidan voz kechishi, harbiy neytral maqomini saqlab qolishi hamda hududida g‘arbiy qo‘shinlarni, jumladan, tinchlikparvar kuchlarni ham joylashtirmaslik majburiyatini olishini talab qilmoqda. Shuningdek, u Kiyevdan hali nazoratida bo‘lgan Donbassning bir qismini topshirishni so‘rayapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Putin iyun oyida butun Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan voz kechishni talab qilgan edi. Biroq yangi takliflarida Kreml ayrim hududiy masalalarda murosaga tayyorligini bildirgan. Xususan, Rossiya armiyasi nazoratida bo‘lgan Xarkov, Sumy va Dnepropetrovsk viloyatlarining ayrim hududlarini Ukrainaga qaytarish masalasi muhokama qilingan. Shu bilan birga, Rossiya Xerson va Zaporojedagi amaldagi front chizig‘i bo‘yicha harakatlarni to‘xtatishga tayyor.
Putin, shuningdek, NATOning sharqqa kengaymasligi bo‘yicha huquqiy majburiy kafolatlar talab qilmoqda hamda Ukraina qurolli kuchlari sonining cheklanishini istamoqda.
Reuters’ga ko‘ra, uchrashuvda Rossiya rahbari “murosaga va tinchlikka tayyor” ekanini ta’kidlagan.


