Kecha, 18 iyul kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan rekonstruksiya qilinadigan va taʼmirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025 yil 1 yanvardan belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda obyektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.


