1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Dilnoza Azizova: “Pedofillarga umrbod qamoq jazosi joriy etilishi shart”

Oliy Majlis deputati Namangan voqeasidan so‘ng umrbod qamoq jazosini joriy etishni taklif qildi.

Dilnoza Azizova: “Pedofillarga umrbod qamoq jazosi joriy etilishi shart”

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Dilnoza Azizova voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni umrbod ozodlikdan mahrum etish chorasi joriy etilishini taklif qildi.

 

Deputat bu boradagi taklifini o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilar ekan, Namangan viloyatida 7 yoshli qizchaga nisbatan sodir etilgan jinoyat jamiyatni larzaga keltirgani, bu kabi holatlar tizimdagi muammolarni ochib berayotganini ta’kidladi.

 

“Namanganda sodir bo‘lgan fojia — bu shunchaki bir pedofilning qilmishi emas, balki yillar davomida jinoyatchilarga yengil jazo qo‘llash va muddatini qisqartirish orqali shakllangan tizim muammosining aksidir”, — dedi deputat.

 

Azizovaning fikricha, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik — insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanishi kerak. Shuning uchun bunday shaxslarga nisbatan “namunali xulq” yoki “muddatni qisqartirish” kabi yondashuvlarga joy bo‘lmasligi lozim.

 

“Bola hayoti bilan o‘ynab bo‘lmaydi. Pedofillarga nisbatan qonun nafaqat qog‘ozda, balki amalda ham qat’iy bo‘lishi shart. Bunday jinoyatchilarga yumshoq munosabat kelajakni o‘z qo‘limiz bilan yo‘qotishdir”, — deya qayd etdi u.

 

Deputat eslatib o‘tganidek, 2024-yilda Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlarga jazoni yengilroq jazo bilan almashtirish taqiqlangan, biroq bu chora yetarli emasligini bildirdi.

 

“Har bir bunday holat — millat kelajagi haqidagi so‘zlarni yolg‘onga aylantiradi. Endi qat’iy chora ko‘rish vaqti keldi”, — dedi Dilnoza Azizova.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика