Eron prezidenti Masud Pezeshkian mamlakat poytaxtini Tehrondan janubiy viloyatlardan biriga ko‘chirish zarurligini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu masala tanlov emas, balki Tehron shahrida ortib borayotgan ekologik va infratuzilmaviy muammolar sabab majburiy ehtiyojga aylanmoqda.
The Guardian nashrining yozishicha, davlat rahbari ushbu taklifni o‘tgan yili oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan muhokama qilgan. Prezident so‘zlariga ko‘ra, poytaxtning hozirgi holati — haddan tashqari kengayish, suv tanqisligi va tuproq cho‘kish xavfi — mamlakat resurslariga katta bosim o‘tkazmoqda.
Masud Pezeshkian bu fikrni Fors ko‘rfazidagi Hormozgan viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida bildirib, janubiy mintaqalar Eronning iqtisodiy istiqbolida muhim o‘rin tutishini qayd etdi. U Hormozganning ochiq suv havzalariga yaqinligi savdo, logistika va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Davlat rahbari shuningdek, Tehron, Karaj va Qazvin kabi yirik shaharlarda suv inqirozi chuqurlashib borayotganini qayd etdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 10 milliondan ortiq aholiga ega Tehron mamlakat suv resurslarining qariyb 25 foizini iste’mol qiladi.
Prezident o‘tgan yildan beri kuzatilayotgan yog‘ingarchilikning keskin kamayishi — 260 millimetrdan 140 millimetrgacha tushgani — suv tanqisligini yanada kuchaytirganini ta’kidladi. 2025-yilda yog‘in miqdori 100 millimetrdan pastga tushishi mumkinligi ham prognoz qilinmoqda.
Masud Pezeshkian nazoratsiz urbanizatsiya va tabiiy resurslardan ortiqcha foydalanish Eron uchun ekologik falokat keltirib chiqarishi mumkinligini ogohlantirib, “o‘sish va resurslar iste’moli o‘rtasida muvozanat bo‘lmasa, har qanday taraqqiyot muvaffaqiyatsizlikka olib keladi”, — deya ta’kidladi.


