Kecha, 5-oktyabr kuni Fransiyada uzoq davom etgan siyosiy beqarorlikdan so‘ng yangi hukumat shakllandi. Prezident Emmanuel Makron sobiq mudofaa vaziri Sebastien Lecornu’ni bosh vazir etib tayinladi. Bu qaror mamlakat siyosiy hayotida murosaga erishish yo‘lidagi navbatdagi urinish sifatida baholanmoqda.
Yangi hukumatga ijtimoiy masalalar, mehnat bozorini tartibga solish va tashqi siyosat yo‘nalishlari bo‘yicha tajribali mutaxassislar jalb etilgan.
Fransiya parlamentida hech bir siyosiy kuch ko‘pchilik ovozga ega emas. Bu esa hukumatning qarorlar qabul qilish jarayonini murakkablashtirmoqda. Lecornu maxsus konstitutsion vakolatlardan foydalanmaslik, balki siyosiy partiyalar bilan muzokara va murosaga asoslangan siyosat olib borishini bildirgan.
Yangi hukumatni bir qator dolzarb masalalar kutmoqda. Avvalo, 2026-yil davlat byudjetini muhokama qilish va qabul qilish muhim vazifalardan biridir. Shuningdek, ijtimoiy islohotlar, immigratsiya masalalari, mudofaa xarajatlari va Yevropa Ittifoqidagi hamkorlik siyosati ham hukumat kun tartibida turibdi.
Fransiyada hukumatning barqaror ishlashi Yevropa Ittifoqi hamda xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Fransiya nafaqat Yevropa siyosatida, balki global xavfsizlik masalalarida ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois Lecornu hukumatining muvaffaqiyati nafaqat ichki siyosat, balki tashqi diplomatiyada ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Ekspertlar fikricha, agar yangi hukumat siyosiy murosalarni ta’minlay olsa, mamlakatdagi siyosiy inqiroz yumshashi mumkin. Aks holda, parlamentdagi kuchlar muvozanatsizligi Fransiyani yangi saylovlar sari yetaklashi ehtimoldan xoli emas.


