Finlyandiyada o‘tkazilgan beshinchi divizion bahsida “Finnkurd” jamoasining braziliyalik futbolchisi Jonatan Gerreyro o‘yindan so‘ng politsiya tomonidan qo‘lga olindi. U kelishilgan o‘yinda ishtirok etganlik va uni tashkil etganlikda gumonlanmoqda, deb xabar berdi “Globo” nashri.
Voqea 5-oktabr kuni “Finnkurd” va “Espa/Renat” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin sodir bo‘lgan. Yakuniy hushtak chalinishi bilan maydondan chiqish yo‘llari to‘silib, fuqarolik kiyimida bo‘lgan 20 ga yaqin politsiya xodimi maydonga kirgan. “Finnkurd” futbolchilari zaxira o‘rindig‘iga o‘tqazilib, hujjatlari tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Natijada Jonatan Gerreyro bilan birga yana ikki braziliyalik futbolchi ham hibsga olingan. Biroq ularning telefonlari o‘rganilgach, so‘nggi ikki futbolchi ozod etilgan.
Gerreyro “Finnkurd” jamoasida 2024-yil may oyidan buyon to‘p suradi. Bungacha u 2022–2023-yillarda Finlyandiyaning “Peymari Yunayted” klubi safida o‘ynagan.
Hozirda tergov organlari tomonidan futbolchining o‘yinda noqonuniy bitimda ishtirok etgani yoki tashkilotchilik qilgani yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


