O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. “Championship Asia” nashri xabariga ko‘ra, Turkiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Fotih Terim O‘zbekiston jamoasini boshqarishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, avvalroq taklif bildirilgan nemis mutaxassisi Yoaxim Lyov rad javobini bergach, assosiasiya e’tiborini Turkiya futbolining eng mashhur murabbiylaridan biri — 71 yoshli Fotih Terimga qaratdi. U taklifni ko‘rib chiqish uchun vaqt so‘ragan.
Fotih Terim murabbiylik faoliyatini 1987-yilda “Anqaraguju” klubidan boshlagan. Keyinchalik u “G‘oztepa”, “Galatasaroy”, “Milan”, “Fiorentina”, Gretsiyaning “Panatinaikos” va Saudiya Arabistonining “Ash-Shabab” klublarida, shuningdek Turkiya terma jamoasida turli davrlarda ishlagan.
U o‘z faoliyati davomida bir marta UEFA kubogini (hozirgi Yevropa Ligasi), sakkiz marta Turkiya Superligasini, uch marta Turkiya kubogini va to‘rt marta Turkiya Superkubogini qo‘lga kiritgan.


