Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Furqat tumani IIB tomonidan ayol noqonuniy ravishda ushlangani, unga jismoniy bosim va qadr-qimmatini kamsituvchi muomala qo‘llanilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan Oliy Sud matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan A. X. va Furqat tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan J. R.ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Tergov organining xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “B” bandlari, 141-3-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “B” bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
“Qo‘shimcha maʼlumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi”, deyiladi rasmiy izohda.
Holatga Farg‘ona viloyati IIB ham rasmiy munosabat bildirdi.
“Furqat tumani IIB boshlig‘i soliq boshlig‘iga nisbatan fitna uyushtirgani, begona ayol shaʼnini bulg‘agani haqidagi so‘nggi xabar va unda keltirilgan holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilyapti.
Biroq, yuqoridagi holat bo‘yicha hali tergov va sud jarayonlari yakunlanmasdan turib, to‘liq asoslanmagan maʼlumotlarni ommaga taqdim etish ortidan fuqarolar orasida shov-shuv uyg‘ondi.
Shu munosabat bilan fuqarolarimizdan keltirilgan vajlar hali tasdiqlanmasdan, sud hukmi eʼlon qilinmasdan turib, noo‘rin xulosa chiqarmaslikni so‘raymiz. O‘zimizda bo‘lgan asosli materiallarni tergov va sud organlariga taqdim etamiz va yakuniga ko‘ra viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan albatta xolis munosabat bildiriladi”, deyiladi IIB munosabatida.


