Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning xabar berishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u fuqarolarga noqonuniy tarzda pensiya miqdorini oshirib berish evaziga moddiy manfaat ko‘rishni rejalashtirgan. Mazkur shaxs ikki nafar fuqaroning pensiya miqdorini 2,5 million so‘mgacha yetkazib berishni va’da qilib, buning uchun 2000 AQSh dollari talab qilgan.
Tergovga ko‘ra, u soxta ma’lumotlar kiritib, mazkur fuqarolarni o‘zi buxgalteriya yuritgan korxonalarda ishlagan sifatida ko‘rsatgan va ularning ish stajini oshirib yozgan. Shu maqsadda u Pastdarg‘om tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimi bilan ham muzokara olib borgan.
Tadbir chog‘ida u 1900 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


