Avvalroq ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 18 yoshli qiz o‘zini Shahidlar xiyobonidagi kanalga tashlagani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan Milliy gvardiya rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 7-oktyabr kuni tungi soat 00.05 da Yunusobod tumanidan oqib o‘tuvchi “Bo‘rijar” kanalida cho‘kayotgan fuqaro ushbu hududda xizmat olib borayotgan gvardiyachilar tomonidan qutqarib olingan. Hodisa joyida tibbiy yordam kelgunga qadar gvardiyachilar jabrlanuvchini suvdan chiqarib olib, dastlabki tibbiy yordamni ko‘rsatishgan.
Olib borilgan dastlabki o‘rganishlar natijasida ushbu fuqaro Toshkent shahrida yashovchi K.K. ekanligi aniqlangan.
Hozirgi paytda K.K. shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.


