Britaniya bosh vaziri maxsus vakili Saymon Gass 5-oktabr kuni Afg‘onistonga tashrif buyurgan. U bosh vazirning birinchi va ikkinchi o‘rinbosarlari Mulla Barodar va Abdusalom Xanafiy, shuningdek, tashqi ishlar vaziri Amirxon Mutaqqiy bilan uchrashgan.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi uchrashuvda gumanitar inqiroz, terrorizmga qarshi kurash, ayollar va diniy hamda milliy ozchilik huquqlari masalalari ko‘tarilganini maʼlum qildi. Bundan tashqari Gass toliblarni Afg‘onistonni tark etish istagida bo‘lganlarga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirdi.
“Tolibon” o‘z navbatida barcha davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya bilan munosabatlar yaxshilanishidan manfaatdor ekanini taʼkidlagan. Ammo buning uchun Britaniya ham konstruktiv qadamlar tashlanishi zarurligini qayd etgan.
Buyuk Britaniya o‘z rasmiy vakilini “Tolibon” huzuriga jo‘natgan birinchi G‘arb davlati bo‘ldi. Harakat bundan avval boshqa davlat elchi va rasmiylari bilan uchrashgan bo‘lsa-da, ular orasida Yevropa vakillari yo‘q edi. Britaniya bosh vaziri Boris Jonson toliblarni qonuniy hukumat sifatida tan olmasligini aytgan. Ammo boshqa Yevropa rahbarlari qatori u ham ishchi aloqalar saqlab qolinishi muhim ekanini taʼkidlagan.
Bundan avval Germaniya Afg‘onistondagi harbiy missiyasi uchun qancha mablag‘ sarflagani hamda Kobulda portlash sodir etilgani haqida xabar berilgan edi.
Jahongir Qo'ziyev


