15-17 fevral kunlari O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov boshchiligidagi delegatsiya Gruziyaga bordi. Bu yerda Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligi, “Gruziya temiryo‘llari” AJ, Poti va Batumi portlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Transport vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri o‘rinbosari Guram Guramishvili bilan muzokaralarda Gruziya portlari orqali O‘zbekiston tovarlarini Yevropa va Amerika davlatlariga to‘xtovsiz yetkazib berish masalasi muhokama qilingan.
Uchrashuvda, shuningdek, yuk tashish narxi va muddatini pasaytirish va tarif preferensiyalarini kengaytirish kabi masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashgan.


