1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Hindistonda 20 kunlik chaqaloq tiriklayin ko‘mildi

Chaqaloqda kislorod yetishmovchiligi va infeksiya borligini aniqlandi, hozirda u reanimatsiyada shifokorlar kuzatuvida davolanmoqda.

Hindistonda 20 kunlik chaqaloq tiriklayin ko‘mildi

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida 20 kunlik chaqaloq qizaloq tiriklayin ko‘milgan holda topildi. Shahjahanpur tumanida yuz bergan ushbu dahshatli voqea qo‘y boqishga chiqqan chorvadorning tasodifan chaqaloqning ingragan ovozini eshitib qolishi tufayli fosh bo‘ldi.

 

Guvohlarning aytishicha, chorvador yer ostidan kelayotgan ovozni eshitib, yaqinlashganida tuproq orasidan chaqaloqning qo‘li ko‘rinib turganini ko‘rgan. Darhol aholini ogohlantirganidan so‘ng voqea joyiga politsiya chaqirilib, chaqaloq tuproq ostidan chiqarib olingan.

 

Shifokorlarning ma’lum qilishicha, chaqaloq kasalxonaga olib kelinganida tuproqqa belangan, nafas olishda qiynalayotgan, og‘zi va burun teshiklariga loy kirib qolgan edi. Unga bir necha hasharot va hayvon tishlagan bo‘lib, kislorod yetishmovchiligi alomatlari qayd etilgan.

 

Shahjahanpur tibbiyot kolleji rahbari doktor Rajesh Kumarning so‘zlariga ko‘ra, chaqaloq dastlabki kunlarda biroz o‘ziga kelgandek bo‘lgan, biroq keyinchalik ahvoli yomonlashgan va infeksiya rivojlangan. Ayni damda u reanimatsiya bo‘limida plastik jarroh va boshqa mutaxassislar kuzatuvida davolanmoqda.

 

Politsiya hozircha chaqaloqning ota-onasini aniqlay olmadi. Holat yuzasidan tegishli idoralar, jumladan bolalar huquqlarini himoya qiluvchi xizmatlarga xabar berilgan.

 

Hindistonda bunday hodisalar avval ham qayd etilgan. 2019-yilda ham xuddi shu shtatda muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloq qiz loydan yasalgan idishda tiriklayin ko‘milgan holda topilgan va shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan qutqarib qolingan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatda o‘g‘il farzandga ustuvorlik berilishi oqibatida qiz farzandlar abort yoki tug‘ruqdan keyingi zo‘ravonlik qurboniga aylanish hollari hamon uchrab turibdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика