18-sentabr kuni kechqurun Kamchatka qirg‘oqlari yaqinida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yer silkinishining magnitudasi 7,8 ballni tashkil etgan. Uning markazi Petropavlovsk-Kamchatskiydan qariyb 100 km sharqda, 10 km chuqurlikda joylashgan.
Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmati hodisani 7,4 ball bilan baholagan bo‘lsa, Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra kuch 7,2 ball bo‘lganini ma’lum qildi. Kuchli zarbadan keyin 5,8 ballgacha bo‘lgan bir nechta takroriy silkinishlar qayd etildi.
Zilzila tufayli dastlab tsunami xavfi haqida ogohlantirish berilgan edi. Ammo keyinchalik to‘lqinlar qirg‘oqqa yetib kelganiga qaramay, hech qanday talafot kuzatilmadi va ogohlantirish bekor qilindi. Rasmiylarning qayd etishicha, hozircha jabrlanganlar yoki vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q.
So‘nggi oylar davomida Kamchatka seysmik faollik o‘chog‘iga aylangan. 30-iyul kuni mintaqada 8,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Bu 1952-yildan beri kuzatilgan eng yirik silkinishlardan biri bo‘lib, bir qancha binolarga zarar yetkazgan, biroq talafotlar qayd etilmagan edi. Shundan buyon bir necha marta kuchli silkinishlar ro‘yxatga olingan.


