Siyosat

Hozirgi qaltis sharoitda tarafkashlik mintaqa tinchligiga yangi tahdidlarni yaratishi mumkin—Sayfiddin Jo‘rayev

 

12-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasida “Ukraina hududiy yaxlitligi: BMT Nizomi prinsiplari himoyasi” rezolyusiyasi qabul qilindi. Hujjatni xalqaro tashkilotga a’zo 143 davlat qo‘llab-quvvatlagan, 4 davlat qarshi chiqqan. 10 ta davlat ovoz berishda ishtirok etmagan bo‘lsa, 35 tasi betaraf qoldi. 

 

Betaraf qolgan davlatlar ichida O‘zbekiston ham bor. Respublikaning ushbu pozisiyasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Zamon.uz sayti O‘zbekiston pozisiyasiga oydinlik kiritish maqsadida siyosatshunos olim Sayfiddin Jo‘rayevga murojaat qildi.


 
Sayfiddin Jo‘rayev, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti professori:

 

Betaraflik instituti tashqi siyosatning eng qadimgi shakllaridan biri hisoblanadi.  Asrlar davomida betaraflik xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, inqirozlar va urushlarni diplomatik vositalar orqali hal etish vazifasini bajarib kelgan. Tashqi siyosatni shakllantirishda betaraflik tamoyili tinchlikni ta’minlash yo‘lida hozir ham muhim rol o‘ynashda davom etmoqda.

 

O‘zbekiston nima uchun Ukraina va Rossiya harbiy mojarosida vazminlik va betaraflik pozisiyasini tanladi? Buning sababi, fikrimcha, quyidagilardan iborat:

 

Birinchidan, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi halok bo‘layotgan bir paytda ulardan birining yonini olish harbiy mojaroni qo‘llab-quvvatlash demakdir. Bu esa, nafaqat O‘zbekistonning tashqi siyosati prinsiplariga, balki insoniylikka, o‘zbek xalqining ezgu qadriyatlariga ham mutlaqo ziddir. 

 

Ikkinchidan, betaraflik tamoyili zamonaviy xalqaro munosabatlarning muhim elementi bo‘lib qolmoqda. Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida xalqaro huquq normalariga og‘ishmay rioya qiladi. Zero, O‘zbekiston ushbu tashkilotning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurash, harbiy mojarolarda ishtirok etmaslik kabi qator konvensiyalariga qo‘shilgan. BMT Nizomining 33-moddasida «...xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday nizo muzokaralar orqali tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak»ligi qayd etilgan.

 

Uchinchidan, hozirgi o‘ta qaltis sharoitda tarafkashlik qilish mintaqamizdagi tinchlik va xavfsizlikka muayyan darajadagi yangi tahdidlarni paydo qilishi mumkin. 

 

To‘rtinchidan, Ukraina ham Rossiya ham bizning yaqin hamkor davlatlarimizdir. Biz uchun ikki xalq ham do‘st va yaqin hamkor. Ukraina va Rossiya bilan nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-ma’rifiy, birodarlik aloqalarimiz bor. Bunday sharoitda biz ikki tomonni ham tinchlikka, kelishishga chaqirgan bo‘lamiz.

 

Umuman olganda, bir tomonning yonini olish mojaro yanada chuqurlashishiga olib keladi, degan fikrdamiz. Neytral bo‘lish, masalaga o‘ta vazminlik bilan yondashish esa, mojaro avj olishiga yo‘l qo‘ymaydi va uning boshqa davlatlar hududiga tarqalmasligiga zamin yaratadi.

 

Betaraflik – xalqaro huquqda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash vositalaridan biri bo‘lib, uning mohiyati urushlarda qatnashmaslik va nizolarni urush yo‘li bilan hal qilishdan bosh tortishdan iborat ekanligini unutmaslik kerak.

 

Oxirgi voqealar

Hammasini ko'rsatish