Qo‘qon davlat pedagogika institutida ijarada turuvchi talabalarni tizimli nazorat qiluvchi mobil smartfon va planshetlar uchun “QDPI IJARA” deb nomlangan maxsus ilova yaratildi.

Mazkur oliy taʼlim muassasasida bugungi kunda 8 mingdan ortiq yigit-qiz tahsil olayotgan bo‘lib, ularning 608 nafari talabalar yotoqxonasida turadi. 1 ming 520 nafari esa ijarada yashaydi. Boshqa joylarda bo‘lgani kabi bu yerda ham talabalarni turarjoy bilan taʼminlash, ijarada yashovchi talabalar bilan individual ishlashda o‘z yechimini kutayotgan muammolar bor.
Mazkur ishlar doirasida yangilikka qo‘l urilib, elektron ilova yaratildi. Ilova ijarada yashaydigan talabalar haqida to‘liq maʼlumot olish, ularning manzillarini xaritada ko‘rsatib berish, ijara manziliga qadar boshlab borishi bilan talabalarning ustoz-murabbiylari, ota-onalari, institut rahbariyati uchun beminnat yordamchi bo‘ldi.
Ilova hozircha Android tizimida ishlovchi qurilmalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tez kunlarda uning IOS operatsion tizimlari uchun versiyasi ham foydalanishga taqdim etilishi rejalashtirilgan. “QDPI IJARA” ilovasini Qo‘qon davlat pedagogika instituti rasmiy saytidan yuklab olish mumkin.


