Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2017–2024 yillarda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarni tahlil qildi. Markaz bosh ilmiy xodimi Afzal Artikovning ta’kidlashicha, bu davrda turizm mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston 2017 yildan boshlab vizaviy tartibni soddalashtirdi, infratuzilmani yangiladi va turizmni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirdi. Natijada xorijiy turistlar soni qariyb to‘rt barobarga oshdi, turizm xizmatlari eksporti o‘n barobardan ortiq ko‘paydi, sohada bandlik esa ikki baravarga ko‘payib, 391 ming kishini tashkil etdi.

So‘nggi yillarda Xitoy, Yevropa, Shimoliy Amerika va boshqa hududlarda yirik xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, O‘zbekistonning turizm brendi faol targ‘ib qilindi. Xususan, Samarkandda YUNVTO bosh assambleyasi, Xivada esa “Islom dunyosining turizm poytaxti” tadbirlari o‘tkazildi. Shu bilan birga, “Toshkent City”, “Samarkand turizm markazi”, “Afsonalar vodiysi” kabi yangi obyektlar foydalanishga topshirildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 10,1 millionga yetdi, ichki sayyohlar oqimi esa 22 milliondan oshdi. Turizm eksporti hajmi 2017–2024 yillarda umumiy hisobda 10,7 milliard dollarga yetgan. Mutaxassislar fikricha, turizm yaqin yillarda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining “lokomotivi” bo‘lish imkoniyatiga ega.


