Navoiy viloyatining Navbahor tumanida og‘ir qonunbuzarlik aniqlandi. 15-sentabr kuni IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida mast holatda 23 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini va 2 tarbiyachini “Damas” mashinasida olib ketayotgan haydovchi to‘xtatildi.
Aniqlanishicha, haydovchining na transport vositasini boshqarish guvohnomasi (“prava”) bo‘lgan, na hushyor bo'lgan. Mashinada uning o‘z farzandi ham bo‘lgani qayd etildi. Holat bo‘yicha unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi, avtomobil esa vaqtincha jarima maydonchasiga olib ketildi.
So‘nggi oylar ichida bolalarni xavf ostida tashish bilan bog‘liq bir necha shov-shuvli holatlar qayd etildi. Aprel oyida Namangan viloyatida “Damas”da 25 nafar bola olib ketilayotgani, may oyida esa Surxondaryoda 32 nafar bola birgina avtomobilga joylashtirilgani aniqlangandi.


