Kecha, 19 avgust kuni Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi binolaridan birining tom qismida izolyatsiya qoplamalarini yotqizish jarayonida texnologik qoidalar buzilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgandi.
Hodisa natijasida binoning 19 kvadrat metr tom qismi zararlangani, fuqarolar jabr ko‘rmagani hamda ichki qismi mutlaqo shikastlanmagani haqida xabar berilgandi.
Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqea yuzasidan turli asoslanmagan yolg‘on fikr va munosabatlar bildirilmoqda. Xususan, yong‘in sodir bo‘lgan paytda majmuada Markaz xodimlari faoliyat olib borayotgani, noyob artefaktlar zararlangani haqida haqiqatga zid xabarlar ham tarqalmoqda. Mazkur xabarlarga Islom Sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirgi paytda majmuada qurilish ishlari yakunlanmagani bois Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari hali binoga ko‘chib o‘tishmagan.
Mazkur binoda hech qanday tarixiy eksponatlar, jumladan, Kaʼba yopinchig‘i joylashtirilmagan. Markazning muzey ekspozitsiyasi uchun olib kelingan barcha noyob artefaktlar alohida nazorat ostida xavfsiz joyda, boshqa binoda saqlanmoqda.
Yangi majmua hozircha qabul qilinmagan va rasmiy ravishda foydalanishga topshirilmagan. Shu sababli majmua binosida Markaz xodimlari ish olib borayotgani yo‘q.
“Islom sivilizatsiyasi markazi fuqarolarimizning milliy meros va muqaddas qadriyatlarga bo‘lgan eʼtibor va tashvishini yuksak qadrlaydi. Hozirda qurilish jarayonlari tegishli tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan, ishlar rejaga muvofiq davom ettirilmoqda va yakuniga yetkazilishi arafasida”, deyiladi rasmiy izohda.


