Davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrida olib borilayotgan bunyodkorlik jarayonlari va istiqboldagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
2023-yilda poydevori qo‘yilgan mazkur mega-loyihaning dastlabki inshootlari bugungi kunda qad rostlamoqda. Shahar qurilishi uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan bo‘lib, konsepsiya Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda 600 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy inshootlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihaning yakuniy bosqichi tugallangach, shaharda 2 million nafardan ortiq kishi istiqomat qilishi mumkin bo‘ladi.
Hozirda shahar infratuzilmasining asosi – yerosti muhandislik tarmoqlari barpo etilmoqda. Markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi hamda telekommunikatsiya tizimlari yer ostidan o‘tkazilmoqda. Transport qatnovi uchun yerosti yo‘llari va avtoturargohlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ekologik toza transport tizimi, metro va elektrobuslar harakati, piyodalar hamda velosipedchilarga qulay yo‘laklar shahar transport tizimining ajralmas qismi bo‘ladi.
Hududda davlat idoralari uchun 60 dan ortiq ma’muriy bino qurilishi rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida bir qator vazirlik va idoralar vaqtinchalik tashkil etilgan majmualarda faoliyat boshlagan.
Shuningdek, Yangi Toshkentga xorijiy va mahalliy investorlarning qiziqishi ortib bormoqda. Bugungi kungacha auksion orqali sotilgan 13 ta tijorat lotlari bo‘yicha 554 million dollarlik shartnomalar tuzildi. Bu mablag‘ evaziga mehmonxona, restoran va turizm maskanlari qad rostlaydi.
Qurilish jarayonida 160 ming nafar kishining bandligi ta’minlanishi, kelgusida esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Shu maqsadda yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, IT xizmati markazlari hamda texnoparklar tashkil etiladi.
Prezident mazkur loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, aholiga qulay xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


