O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlarda og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularga Vatanga qaytishda ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilayotgan “Vatanga qaytish” xayriya aksiyasi izchil davom etmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Mazkur tashabbus boshlanganidan buyon jami 621 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytish imkoniga ega bo‘ldi. Ularning orasida 326 nafar ayol, 295 nafar erkak va 189 nafar bola mavjud. Shu kungacha 639 nafar fuqaro O‘zbekiston Migratsiya agentligiga qaytish bo‘yicha murojaat qilgan.
Qaytarilganlarning katta qismi Rossiyadan – 460 nafar vatandoshimizdir. Shuningdek, Turkiyadan – 71, AQShdan – 56, Qozog‘istondan – 17, Janubiy Koreyadan – 4 fuqaro qaytarilgan. Hindiston, Yaponiya va Polshadan – 3 nafardan, Misrdan – 2 nafar, Qirg‘iziston va Saudiya Arabistonidan esa bittadan fuqaro yurtiga qaytdi.
“Vatanga qaytish” aksiyasi doirasida qaytgan fuqarolarga joylarda psixologik, ijtimoiy va iqtisodiy moslashuvga oid yordam ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, ushbu tashabbus 2025-yil 30-avgustga qadar davom etishi belgilangan.
Shuni ta’kidlash joizki, joriy yil davomida xorijiy mamlakatlarda kattalar qarovisiz qolgan 61 nafar voyaga yetmagan bola ham O‘zbekistonga qaytarilgan. Avgust–sentabr oylarida esa yana 20 nafarga yaqin bolaning vataniga qaytarilishi rejalashtirilgan.


