1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Jahon qarzi 337,7 trillion dollarga yetib, rekord darajani qayd etdi

Xitoy, AQSh va G7 mamlakatlarida davlat qarzi keskin oshdi.

Jahon qarzi 337,7 trillion dollarga yetib, rekord darajani qayd etdi

Xalqaro moliya instituti (IIF) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning ikkinchi choragi yakunida global qarz hajmi 337,7 trillion AQSh dollariga yetib, rekord darajani qayd etdi.

 

Mutaxassislarning qayd etishicha, qarzning bunday keskin ortishiga global moliyaviy sharoitlarning yumshashi, AQSh dollarining zaiflashuvi hamda yirik markaziy banklarning qulayroq pozitsiyasi sabab bo‘lgan.

 

Yilning birinchi yarmida jahon qarzi 21 trillion dollarga ko‘paygan. Asosan Xitoy, AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Yaponiyada qarz ko‘rsatkichlari oshgan bo‘lsa, bu jarayonda dollarning asosiy valyutalarga nisbatan 9,75 foizga qadrsizlanishi ham muhim omil bo‘ldi.

 

IIFning Global Debt Monitor hisobotida qayd etilishicha, hozirgi o‘sish sur’atlari 2020-yil pandemiya davrida kuzatilgan misli ko‘rilmagan qarz to‘planishi bilan taqqoslanmoqda.

 

Qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati ko‘rsatkichida eng keskin o‘sish Kanada, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Polshada kuzatildi. Irlandiya, Yaponiya va Norvegiyada esa bu nisbat kamaygan.

 

Rivojlanayotgan bozorlarning umumiy qarzi ham chorak davomida 3,4 trillion dollarga ortib, rekord darajadagi 109 trillion dollardan oshdi.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qarz hajmining ortishi birinchi navbatda G7 mamlakatlari hamda Xitoydagi davlat qarzi keskin o‘sishi bilan bog‘liq. Taqqoslash uchun, 2024-yilda dunyoning umumiy qarzi 251 trillion dollarni tashkil etgan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика